bayroq haqida sherlar to’plami, Abdulla Oripov va Iqbol Mirzo sheri,
Ko‘kda hilpirar mag‘rur, O‘zbekiston bayrog‘i
Dillarga solar g‘urur, O‘zbekiston bayrog‘i
“O‘z bayrog‘im” deb xalqim, dilda qilar iftixor
Undagi har bir rangning, o‘z ramzi, manosi bor.
***

O‘zbekiston bayrog‘i
✍️ Iqbol Mirzo
Qalbimiz to‘la surur,
To‘tiyo yurt tuprog‘i,
Hilpirab turar mag‘rur,
O‘zbekiston bayrog‘i.
Rangi hayot misoli,
Yulduzlari hiloli,
Mustaqillik timsoli,
O‘zbekiston bayrog‘i.
Iftixor dilimizda,
U yo‘ldosh yo‘limizda,
Yuksalar qo‘limizda,
O‘zbekiston bayrog‘i.
Gumbazlarda, yuksakda,
Peshtoqlarda, falakda,
Ko‘ngillarda, yurakda,
O‘zbekiston bayrog‘i.
Rangi hayot misoli,
Yulduzlari hiloli,
Mustaqillik timsoli,
O‘zbekiston bayrog‘
***
O‘zbekiston bayrog‘i
✍️ Abdulla Oripov
Har qanday lashkarning ham
O‘z tug‘i, yalovi bor,
Sen qaysi saltanatdan,
Sen qaysi davlatdan kam.
Qo‘rg‘onlar qatorida
Bir qo‘rg‘onsan ustuvor,
Vallamat, tog‘dor yurtim,
Muhtasham respublikam.
O‘ylama, ha, olamda
Nasibiy erur ko‘p holat,
Zamona g‘alviridan
Har narsa o‘taverar.
Tarix uchun va lekin
Kim ham bergay kafolat,
Yakka inson bir yo‘lchi:
Kelaru ketaverar.
Qadim-qadim zamonda
Yunonlik haykaltarosh,
Bir sanat yaratibdi,
Maqsadi — bir burda non.
Haykal esa asrlar
Sinoviga bermish dosh,
Bugun uni ko‘klarga
Ko‘tarar butkul jahon.
Ko‘zni kattaroq ochib
Boqsang bu muammoga,
Alam qilgulik qadar
Kam yashar inson zoti,
Faqatgina xalq sohib
Bardavom bu dunyoga,
Asragay har kas nomin
Faqat xalqning hayoti.
Sanasang hodisot mo‘l
O‘zbekning tarixida,
Har biriga bir noma
Yoki doston bitgulik.
Ne zotlar oqmagan bu
Asrlar arig‘ida,
Har biri bitta xalqning
G‘ururiga yetgulik.
Barchaga ayon erur
Men aytgan ushbu gaplar,
To hanuz asablarni
Ezg‘ilar bu shum o‘tmish.
Moziyga o‘qtin-o‘qtin
Sochsak hamki g‘azablar,
Lekin ayting, o‘zbekning
Qo‘lidan kim ham tutmish?
Bir kuni yovqur shoir
Yani Turdi Farg‘oniy,
Bo‘ltak bo‘lgan bu xalqqa
Birlash deb qildi xitob.
Bejavob qolaverdi
Uning dardi so‘rog‘i,
O‘sha-o‘sha zamin kar,
O‘sha-o‘sha gung oftob.
Bugun zimdan nazar sol
Sen mana bu bayroqqa,
Mayliga bir daqiqa
Unutgin turfa kekni.
Shu bayroq nomimizni
Eltdi yiroq-yiroqqa,
Shu bayroq birlashtirdi
Parokanda o‘zbekni.
***
Hilpirayver bayrog‘im
Hilpirayver bayrog‘im
Bayrog‘imiz to‘rt rangda,
Qizil, yashil, moviy, oq
Menga oq rangi yoqar,
Hammasidan ham ko‘proq.
Oq rang insonlarga xos,
Odil, soflik belgisi
Yashil rangi Vatanning
Qir-adrlar ko‘zgusi.
Qizil rangi ham inson,
Tomirida oqqan qon.
Moviy rang o‘lkadagi
Ko‘m-ko‘k musaffo osmon.
O‘n ikki yulduz asli,
Viloyatlar ramzidir.
Bu bayroq Vatanimiz
Chiroyidir, faxridir.
***