Farida Afro’z – Ona tilim desam.

Farida Afro’z – Ona tilim desam.

Farida Afro’z – Ona tilim desam.

Ona tilim!” desam, birdan,

Turku turon bosh ko‘tarar,

Tosh bitiklar, O‘rxun xati,

Ilmu urfon bosh ko‘tarar.

“Ona tilim!” desam, nogoh,

Qad rostlaydi “Alpomish”lar,

“Go‘ro‘g‘li”yu “Kun tug‘mish”lar,

Qadim arkon bosh ko‘tarar.

“Ona tilim!” desam, yo, Haq,

Moturidiy, Zamaxshariy,

Buxoriylar qonda yoqqan

Nuri Qur’on bosh ko‘tarar.

“Ona tilim!” desam, masrur,

Beruniyning qomuslari,

Ibn Sino malham tutgan,

Dardga darmon bosh ko‘tarar.

“Ona tilim!” desam, mag‘rur,

Yarim jahon tilga kirar,

Silsilasi zilziladay,

Sohibqiron bosh ko‘tarar.

“Ona tilim!” desam, abad,

Navoiydan navo kelar,

Besh qit’aga nur taratgan,

Beshta doston bosh ko‘tarar.

“Ona tilim!” desam, shahdam,

Saf tortgaydir Ulug‘beklar,

Ali Qushchi xushin olgan,

Yulduz osmon bosh ko‘tarar.

“Ona tilim!” desam, yo, Rab,

So‘z yonadi otash misol,

Mashrabini dorga osgan,

G‘ofil arqon bosh ko‘tarar.

“Ona tilim!”desam, yig‘lar,

Uvaysiylar, Nodiralar,

Momolarim nazm etgan,

Latif Ho‘qon bosh ko‘tarar.

“Ona tilim!” desam, o‘rtab,

Shahid ketgan Qodiriylar,

Avloniylar, Usmon Nosir,

Fitrat, Cho‘lpon bosh ko‘tarar.

“Ona tilim!” desam, titrab,

G‘ofur G‘ulom, Oybek, Qahhor,

Mirtemirlar umrin yegan,

Buyuk armon bosh ko‘tarar.

“Ona tilim!” desam, shaksiz,

Haqqim ko‘pdir dunyolarda,

Buyuklarni bot-bot bergan,

Pokiza qon bosh ko‘tarar.

“Ona tilim!” desam, endi

O‘z tilimda O‘z Bekka xos,

Men so‘z aytsam, bani bashar,

Jumla jahon bosh ko‘tarar.

Ona tilim!” desam, bugun,

Ajdodlarim, qarang, qarang,

Yana Sharqdan yangilangan,

O‘zbekiston bosh ko‘tarar.