Farida Afro’z – Ona tilim desam.
Ona tilim!” desam, birdan,
Turku turon bosh ko‘tarar,
Tosh bitiklar, O‘rxun xati,
Ilmu urfon bosh ko‘tarar.
“Ona tilim!” desam, nogoh,
Qad rostlaydi “Alpomish”lar,
“Go‘ro‘g‘li”yu “Kun tug‘mish”lar,
Qadim arkon bosh ko‘tarar.
“Ona tilim!” desam, yo, Haq,
Moturidiy, Zamaxshariy,
Buxoriylar qonda yoqqan
Nuri Qur’on bosh ko‘tarar.
“Ona tilim!” desam, masrur,
Beruniyning qomuslari,
Ibn Sino malham tutgan,
Dardga darmon bosh ko‘tarar.
“Ona tilim!” desam, mag‘rur,
Yarim jahon tilga kirar,
Silsilasi zilziladay,
Sohibqiron bosh ko‘tarar.
“Ona tilim!” desam, abad,
Navoiydan navo kelar,
Besh qit’aga nur taratgan,
Beshta doston bosh ko‘tarar.
“Ona tilim!” desam, shahdam,
Saf tortgaydir Ulug‘beklar,
Ali Qushchi xushin olgan,
Yulduz osmon bosh ko‘tarar.
“Ona tilim!” desam, yo, Rab,
So‘z yonadi otash misol,
Mashrabini dorga osgan,
G‘ofil arqon bosh ko‘tarar.
“Ona tilim!”desam, yig‘lar,
Uvaysiylar, Nodiralar,
Momolarim nazm etgan,
Latif Ho‘qon bosh ko‘tarar.
“Ona tilim!” desam, o‘rtab,
Shahid ketgan Qodiriylar,
Avloniylar, Usmon Nosir,
Fitrat, Cho‘lpon bosh ko‘tarar.
“Ona tilim!” desam, titrab,
G‘ofur G‘ulom, Oybek, Qahhor,
Mirtemirlar umrin yegan,
Buyuk armon bosh ko‘tarar.
“Ona tilim!” desam, shaksiz,
Haqqim ko‘pdir dunyolarda,
Buyuklarni bot-bot bergan,
Pokiza qon bosh ko‘tarar.
“Ona tilim!” desam, endi
O‘z tilimda O‘z Bekka xos,
Men so‘z aytsam, bani bashar,
Jumla jahon bosh ko‘tarar.
Ona tilim!” desam, bugun,
Ajdodlarim, qarang, qarang,
Yana Sharqdan yangilangan,
O‘zbekiston bosh ko‘tarar.
Marja 0 ga intilyapti Bozorlar to'yingani sayin, raqobat ham rivojlanib boraveradi, bu jarayonda esa mahsulotlarning…
Avval salom, bad’az kalom. Odob va odobsizlik haqida maqollar…………………………………………………………………………………………………………………. Bir kattani bil,Bir kichikni bil. Bola…
Agar siz yordam so’rab qichqirayotgan ayolni orzu qilsangiz Agar siz yordam so’rab qichqirayotgan ayolni orzu…
KONSTITUTSIYA haqida sherlar to'plami bolalar uchun KONSTITUTSIYA Eng sara qonunlardan, Qomusim-oftobro'ya, Yozilgan tilla harfdan, Bizning…
Qish fasli haqida eng sara sherlar, (bolalar uchun sheʼr) Qish zavqi (bolalar uchun sheʼr) Tiniq…
Notanish qiz uchun ajoyib sher Notanish qiz uchun! Sherlarimda yozilgan bitik. Shunchaki tasodif qofiya halos.…