Halqa ayting men o‘lganim yo‘q
Xalqqa ayting,
Men aslo o’lganim yo’q…
Hamid Olimjon monologi :
Meni, barhayotsan,Deding, shoiram,
Yorug’ dunyodagi Hayotim o’zing.
Men uni nogahonTark aylagan dam
Qoldirgan baytimu Bayotim o’zing.
Ayriliq qismatda Bor ekan, netay,
Lekin sen birlamen,Meni yor desang.
Ne uchun olamdan Yo’q bo’lib ketay,
Meni o’z yoningda Doim bor desang.
Hayotdaman,Faqat Jismdan xoli,
Dunyoni ko’ksimda Sezib turibman.
Falakda sayr etgan Kema misoli
Borliq tegrasida Kezib yuribman.
Hayotimni etmish Mangu charog’on
Sening qalbingdagi Oydin xayollar.
Bevafo dunyoda Yashaydi inson,
Borligi tufayli Sendek ayollar.
Kechdi tirik umrim She’r bilan payvand.
Hayrat ko’zi bilan Atrofga boqdim.
Gohi pastga tushdim,Goh chiqdim baland,
Zarafshon suvidek Hayqirib oqdim.
Ammo hayotimning Pok durdonasi,
Men topgan eng a’lo She’rim,G’azalim,
Qalbimning eng yuksak Shodiyonasi
Sen bo’lding, Farishtam,Dono go’zalim!
Yodingdami, bizlar Ilk ko’rishgan chog’?
Borliq ko’nglimizday Munavvar edi.
U olam,U osmon,U yashnagan bog’
Go’yo baxtimga teng Muyassar edi.
Kun-kun emas edi,She’r bahsi aro
Qo’shaloq sham kabi Yonmasak agar,
—Ko’zlaringday qora Kechalardan to
Yuzlaringday yorug’ Subhidam qadar.
So’ng…Bir kun yoningga Shoshib kelardim,
Fursat to’xtab qoldi Yo’lda nogahon.
Intilib,Intilib Yetolmay,Dardim
—Dilga oqdi, go’yo Bir piyola qon.
So’ng…Sen nola qilding Sochingni yoyib,
Firuza tomchilar Oqdi yuzimga.
Keyin…Hamma narsa Bo’ldiyu g’oyib,
Singib qoldi faqat Chehrang ko’zimga.
Shoiram!Sen bois Hayotda qoldim!
Jonim kiprigingda Tutdi-yu makon,
Ko’zingda ko’zlarim,Qalbingda qalbim,
Vujudingda o’zim Bo’ldim namoyon.
Mening ham sozimdir Qo’lingdagi soz,
Mening ham izim bor O’tgan yo’lingda.
Qo’shiqlarim qildi Olamga parvoz,
Dastavval jaranglab Sening tilingda.
Shundan ikki ilhom Yor bo’ldi senga,
Qalbingda so’yladi Hamohang dillar.
Shu bois Dilrabo Nozik she’ringga
Qo’yildi Jangovar,Yoniq satrlar.
Hassos she’r taraldi Koinot bo’ylab,
Unda nola-yu bong,Erk ohangi jam.
O’tli qalbdan chiqqan Qo’shig’ing tinglab,
O’zbek ovozini Tanidi olam.
Shoiram!Mash’aling Ko’targin baland,
Minglab onalarning Yuragi senda.
Bir umr yorining Yodiga payvand
Munis kelinchaklar Tilagi senda
Sen o’tgan yo’llarda
Chechaklar qolsin,Sen kirgan xonalar Bo’lsin charog’on.
Ko’zlaringda quyosh Shu’lalar olsin,
Yulduzlarin sochsin Boshingdan osmon.
Toring ming bulbulday Toshib sayrasin,
G’amu hasratlarni Aylagin barbod.
Sen shunday yayraki, Olam yayrasin,
Agar mening ruhim Bo’lsin desang shod.
Baland uch,Olis uch She’riy samoda,
Men uchun ham yasha,
Kuyla, shoiram!
O’zing aytganingdek : Yorug’ dunyoda
Sen hayot ekansan —Hayotman men ham !!!