Ona tilim – Ona tili haqida sher.

Ona tilim – Ona tili haqida sher.

Ona tilim – Ona tili haqida sher.

Abut-Turk tarixdan balki bir hikmat

Biroq sen borsan-ku Turon elinda.

Shoir, So‘z aytmakka sen shoshma faqat,

Ulug‘ Alisherning qutlug‘ tilinda.

Ul olis quyoshdir kuyinib yonar,

Olis xotirotlar o‘chmas falakda.

Haqdan, Hakiqatdan ko‘ring, kim tonar?

Dunyoviy alamning tiyg‘i yurakda.

Vatan deb atalgan beshik, onajon,

Men uchun yopilgan eshik, onajon,

Men sokin sollanib ilg‘ab borarman.

Vatan deb atalgan tobut qo‘ynida,

Chuvalgan bulutni qordek qorarman,

Ruhimning panjasi chaqmoq bo‘ynida.

Hech zot uza bilmas uzilgan jonni,

Haqiqatni uza bilmas hech qachon.

Elim, ona tilim, ruhimning qoni,

Bir imdod so‘rayman sendan, onajon.

Chayonzor yo‘lidir borar yo‘llarim,

Tanim yonmakdadir ishqsiz ochunda,

Ko‘klarga to‘qinar so‘ngak qo‘llarim,

Oyoqlarim mening tuproq ichinda.

Barchaning boshida birdek beomon,

Manxus zamonlarning o‘lik shamoli, —

Buzg‘un yigirmanchi asr a’moli…

Mening ona tilim, munis, mehribon,

Sen Turkiy Dunyoning g‘olib xayoli —

Seni yozajakman, tirilgan jahon.

Ulug‘ Turkistonim, oltin dalalar,

Oftob sochqi sochar bosh uzra balqib.

U sening tilingda aytar allalar,

Qonim, ona tilim, oh, ona xalqim.

Navoiy baytiga o‘xshaydi yo‘llar,

Bu toshlar Hamzaning qotili, hayhot!

Nahotki umrbod o‘rtasa o‘ylar,

Umrbod zanjirband etsa xotirot?!

Zanjirbandman, ona tilim Ona So‘zingga,

Kundayin so‘larman, oydek to‘larman,

Mil kabi tortarman Senn ko‘zimga.

Men g‘arib bandangman. Bir So‘z tilarman,

Boshimni qo‘yarman Sening izingga,

Qudsiya anfosin aytib o‘larman.