Quda bo’ldik. Marhabo Karimova

Quda bo’ldik.

Quda bo’ldik. Marhabo Karimova

Quda bo’ldik.

Yashar edik bo‘lib o‘rtoq,

Bir-birovga ochib quchoq,

O‘tsiz qoldi endi o‘choq

Quda bo‘ldik — judo bo‘ldik.

 

Yoqalashdik yoshlarni deb,

Shu ikki beboshlarni deb,

Birov yegan oshlarni deb,

Quda bo‘ldik — judo bo‘ldik.

 

Aka-uka, opa-singil,

Gaplashardik gangir-gungir,

Arazlashdik qoldi ko‘ngil,

Quda bo‘ldik — judo bo‘ldik.

 

Qarindoshlar taraf-taraf,

Jovdirashar bizga qarab,

Gurunglasholmaymiz yayrab,

Quda bo‘ldik — judo bo‘ldik.

 

Qo‘shnim edi jonajonim,

Bitta edi dasturxonim,

Qo‘shilganda endi qonim,

Quda bo‘ldik — judo bo‘ldik.

 

Yaxshiydi-ya niyatimiz,

Chiqib qoldi illatimiz,

Esizgina mehnatimiz,

Quda bo‘ldik — judo bo‘ldik.

 

Qaramasdik o‘ngu chapga,

Quloq soldik mayda gapga,

Hasrat qildik chor tarafga,

Quda bo‘ldik — judo bo‘ldik.

 

Farzandlar-ku yashar birga,

Yomon bo‘ldi faqat bizga,

Ko‘rpa kuydi, tirik burga,

Quda bo‘ldik — judo bo‘ldik.

 

Eslab yomon so‘zimni man,

Urishaman o‘zimni man,

Endi ochdim ko‘zimni man,

Quda bo‘ldik — judo bo‘ldik.

 

Minnatli osh-tuzim qursin,

Andishasiz nozim qursin,

Shu chaqimchi qizim qursin,

Quda bo‘ldik — judo bo‘ldik.

 

Ogoh etay endi sizni,

Begonaga bering qizni.

Nima jinlar urdi bizni,

Quda bo‘ldik — judo bo‘ldik.

 

Marhaboxon, bu dunyo keng,

Kimki to‘yga shimarsa yeng,

Tavakaltu alalloh deng,

Quda bo‘ldik — judo bo‘ldik.