Sevgi -sms

Sevgi -sms

Olis ufqlarda oqarmoqda tong, 

Ko`ngil yorishmaydi, ko`ngil qorong`u. 

So`nggi umid uchun chalinganda bong, 

Qamraganda qalbni eng shirin tuyg`u, 

Yolg`iz qolganimda qorayib yuzim, 

Tashlab ketyapsanmi sen ham, yolg`izim? 

Sadoqat ko`rmagan asli bu yurak, 

Yurak yolg`izlikning yagona quli. 

Bo`lganida oliy tuyg`ular ermak, 

So`lganida oliy orzular guli, 

To`lganida duv-duv yoshlarga ko`zim, 

Tashlab ketyapsanmi sen ham, azizim? 

Men-ku har narsaga chidamas bir jon, 

Kim uchun shubhali totguvchi nonim. 

Ulkan davralarda har lahza, har on 

G`iybat o`rtasida turganda nomim, 

O`lchanib qolganda har bosgan izim, 

Tashlab ketyapsanmi sen ham, azizim? 

Hissiz dema, ko`ksim to`la hissiyot, 

Yolg`iz dema, yordir yolg`izga Xudo. 

Ulkan baxtlar va’da qilgan shu hayot 

Eng kichik baxtdan ham etganda judo, 

O`zimga ham o`tmay qolganda so`zim, 

Tashlab ketyapsanmi sen ham, azizim?

Прокрутить вверх