Vatan haqida sara sherlar to‘plami

Vatan haqida sara sherlar to‘plami

Vatan haqida sara sherlar to‘plami

Vatan haqida eng sara sherlar to‘plami. Vatan ostonadan boshlanadi. Inson dunyoga kelishi bilan vatan oldidagi burchi hamda vazifasi u bilan birga bo‘ladi. Har bir inson umri davomida «vatan menga nima berdi» — deb emas balki, «men vatanimga nima berdim»-deb yashashi kerak.

Ajdodlar bo‘ldilar qurbon vatanga

Jonim qurbon vatanga

Kurashib yovlar bilan,
Fido qildi jon-u tan,
Necha-necha ajdodlar,
Bo‘ldilar qurbon Vatan!

Oyoq bosib Chingizlar,
Otdi senga ildizlar,
Ba’zi gumrox beyuzlar,
Sotdilar arzon Vatan!

Hind yurtida qildi sabr,
Seni sog‘inib Bobur,
Yot yurtda o‘lmoq og‘ir,
Sensan bizga jon Vatan!

O‘zga yurtda Furqatlar,
Chekdi qancha zaxmatlar,
Yillab kutdi fursatlar,
Bo‘lmadi imkon Vatan!

Gul bo‘lmayin kul bo‘ldik,
Birovlarga qul bo‘ldik,
Mana endi xur bo‘ldik,
Senga sharof shon Vatan!

Ajdodlarim yod bo’lsin,
Ruxlari ham shod bo‘lsin,
Yurtimiz obod bo‘lsin,
Bizlarga makon Vatan!

Oshdi shuxrat shonim ham,
O‘tar bahtli onim xam,
Senga fido jonim ham,
Xur O‘zbekiston

Vatan — Xurshid Davron sheri

Vatan xurshid davron sheri

Dilingizda bo‘lsin quvonchi g‘ami,
Kitoblarda emas, qog‘ozda emas.
Bo‘zda yashaysizmi, Buxorodami,
Siz bilan barobar u olsin nafas.

Bolangizni belab qo‘ying tush payti,
Tollar belanchakni uchirsin ko‘kka.
Ammo siz boshida allalar ayting,
Vatan tuyg‘usini soling yurakka.

Ayting, dalalarda egilgan lahza,
Ayting, quyosh qonga botib yotganda.
Ayting, quvonchu g‘am solganda larza,
Ayting, oq ko‘ylakli tonglar otganda.

Janozada yig‘lab allalar ayting,
Ayting, shuurlaru kurashlar aro.
Toki qalbimizda jo‘sh urgan tuyg‘u,
Farzandlar qalbida bersin aks-sado.

Ona To‘marisning shonli qismati,
Jaloliddin tig‘i taratgan jarang,
Bizning yurakkacha, balki, yetmasdi,
Bo‘lmaganda, xalqim, allang — xotirang.

Beruniy yulduzi, Sino kahkashoni,
Falakdan yo‘limiz yoritib boqsin.
Mahmud Torobiyning muqaddas qoni,
Farzandlar qalbida jo‘sh urib oqsin.

Hazrat Sohibqiron tuzuklaridan,
Ko‘chib,ifikrlarni yoritsin surur,
Dillarni charog‘on etsin Navoiy,
Qalami taratgan hikmatli shuur.

Mirzo Ulug‘bekning rasadin toqi,
Yurgan yo‘limizga nurlar to‘shasin,
Vatan deb jon bergan har botir xoki
Dilda nafas olsin, dilda yashasin.

Vatan – yurakdagi quvonch, qayg‘u, shasht,
Uni tirik saqlar yurakdagi sas.
Vatan – bamisoli quyoshga o‘xshash,
Vatan ham odamdek oladi nafas.

Vatan — Xoldor Vulqon sheri

Xoldor Vulqon sheri vatanim

Sen agar bug‘doy boshoq bo‘lsang somoningman, Vatan,
Toabad boshing omon bo‘lsin, tovoningman, Vatan.

Barcha yaxshi, barcha oqil, barcha dono, faylasuf,
Qimtinib bir chekkada yurgan yomoningman, Vatan.

Chor taraf zulmat, tuman, uvlaydi ming -minglab shoqol,
To sahar gulxan yoqib chiqqan cho‘poningman, Vatan.

Barcha jim, tilsiz pisib, mum tishlaganda, xayqirib,
Haq so‘zin dor ostida aytgan zaboningman, Vatan.

Bo‘lmasin ovvora yov oybolta qayrab qatlima,
Qatl etib o‘ldirsa xam o‘lmas omoningman, Vatan.

Yurtda Vulqon cho‘qqidek boshim bulutlardan baland,
Yov uchun mangu o‘tib bo‘lmas dovoningman, Vatan!

Tavallo — Muhammad Yusuf sheri

Tavallo Muhammad Yusuf sheri

Oq yo‘rgakka o‘ragansan o‘zing bizni,
Ham oq yuvib-taragansan o‘zing bizni.
Beshigimiz uzra bedor ona bo‘lib,
Kunimizga yaragansan o‘zing bizni.
Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston!

Qalqoning bor, kim qasd qilsa gar joningga,
Alpomishlar ruhi yor har o‘g‘loningga.
Asragaymiz giyohing ham gulday o‘pib,
Yovlar yaqin yo‘lolmagay qo‘rg‘oningga.
Adoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston.

Tuzing totib, unutganlar xor bo‘ladi,
Ko‘zlariga ikki dunyo tor bo‘ladi.
Shodon daming ko‘rolmagan yurtfurushlar,
Bir kun bir kaft qumlog‘ingga zor bo‘ladi.
Yoningda turgaymiz seni, O‘zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston!

Gul ko‘ringan dashtingdagi giyoh-xasdir,
Soddadilu ulug‘vorlik senga xosdir.
Sevamizki, cho‘llaring ham bizga jannat,
Tuprog‘ing ham Makka misol muqaddasdir.
Onadek ko‘rgaymiz seni, O‘zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston!

Vatanim — Muhammad Yusuf sheri

Vatanim Muhammad Yusuf sherlari

Men dunyoni nima qildim,
O‘zing yorug‘ jahonim,
O‘zim xoqon, o‘zim sulton,
Sen taxti sulaymonim,
Yolg‘izim, yagonam deymi,
Topingan koshonam deymi,
O‘zing mening ulug‘lardan
Ulug‘imsan, Vatanim…

Chechak otgan izimga,
Nolon kunim yupatgan sen,
Yuzing bosib yuzimga.
Singlim deymi, onam deymi,
Hamdardu hamxonam deymi,
Oftobdan ham o‘zing mehri –
Ilig‘imsan, Vatanim…

Sen Mashrabsan, xalqda tumor,
Balxda dorga osilgan,
Navoiysan, shoh yonida
Faqirini duo qilgan.
Yassaviysan, meniki deb,
Ko‘ringan da‘vo qilgan,
Ming bir yog‘i ochilmagan
Qo‘rig‘imsan, Vatanim…

Sen ho‘jandsan, chingizlarga,
Darvozasin ochmagan,
Temur Malik orqasidan,
Sirdaryoga sakragan,
Muqannasan qorachig‘i
Olovlarga sachragan,
Shiroqlarni ko‘rgan cho‘pon,
Cho‘lig‘imsan, Vatanim…

Kim qashqarni qildi makon,
Kim enasoy tomonda,
Jaloliddin – Qurdistonda,
Boburing – Hindistonda,
Bu qanday yuz qarolig‘ deb,
Yotarlar zimistonda,
Tarqab ketgan to‘qson olti
Urug‘imsan, Vatanim…

O‘g‘lim desang osmonlarga,
G‘irot bo‘lib uchgayman,
Chambil yurtda Alpomishga,
Navkar bo‘lib tushgayman,
Padarkushdan pana qilib
Ulug‘beging quchgayman,
G‘ichir-g‘ichir tishimdagi,
So‘lig‘imsan, Vatanim…

O‘tgan kuning – o‘tgan kundir,
O‘z boshingga yetgan kun,
Qodiriyni bergan zamin,
Qodiriyni sotgan kun.
Qo‘lin bog‘lab, dilin dog‘lab,
Yetaklashib ketgan kun,
Voh bolam! deb aytolmagan,
Dudug‘imsan, Vatanim…

Yoningda qon yig‘lagan bir
Shoiringga qarab qo‘y,
Gar Qo‘qonga yo‘ling tushsa,
Detdomlarni so‘rab qo‘y.
Hech bo‘lmasa Usmon hokin
Keltirmoqqa yarab qo‘y,
Olislarda qurib qolgan
Qudug‘imsan, Vatanim…

Sen – shoxlari osmonlarga,
Tegib turgan chinorim,
Ota desam, o‘glim deb,
Bosh egib turgan chinorim,
Qo‘ynimdagi iftixorim,
Bo‘ynimdagi tumorim,
O‘zing mening ulug‘lardan
Ulug‘imsan, Vatanim…

Vatan — Iqbol Mirzo sheri

Iqbol Mirzo sheri vatan

Seni desam yuragimda,
Ochilar gullar,
Yomg‘ir bo‘lib samolardan,
Sochilar gullar,
Sahrolardan, daryolardan,
Sochilar gullar,
Yuragimning gulisan sen,
Gullagan Vatan!

Isming aytib uyg‘onadi,
Chuchuk jilg‘alar,
Sunbulalar tonglaringdan,
Taqar sirg‘alar,
Kiprigimda yog‘dularing
Solar jilvalar,
Tilagimning gulisan sen,
Gullagan Vatan!

Xushbo‘y-xushbo‘y olmalarda,
Jannat havosi,
Tog‘laringning bag‘rida ming,
Dardning davosi,
Shudir, axir, bir insonning,
Umr safosi,
Yuragimning gulisan sen,
Gullagan Vatan!

Hovuch-hovuch, zilol-zilol,
Suvingdan ichdim,
Mehring qanot bo‘ldi, moviy,
Ko‘klarda uchdim,
Yana qaytib senga keldim,
Tuprog‘ing quchdim,
Tilagimning gulisan sen,
Gullagan Vatan!

Yuragimning gulisan sen,
Gullagan Vatan!

Meni olib keting — Abdulla Oripov sheri

Meni olib keting

Tinch edi hamma yoq, tinch edi har yon,
Titradi go‘yoki yer bilan osmon.
Boshimga xastalik tushdi nogahon,
Meni olib keting o‘z diyorimga.

Issiq jon, deydilar, jon bo‘lsa bo‘lar,
Payt kelsa chechak ham sarg‘ayar, so‘lar.
Kim bilgay paymonang qay yerda to‘lar,
Meni olib keting o‘z diyorimga.

Ginam bor bu yurtning na havosidan,
Mehribon doktorning na davosidan.
Qaytarmang xastani muddaosidan,
Meni olib keting o‘z diyorimga.

Sha’nimga g‘ayurlar bir so‘z demasin,
Har kim o‘zi tortar umr kemasin.
Hech kimni mushtoqlik dardi yemasin,
Meni olib keting o‘z diyorimga.

Talpingan diyorim, u — O’zbekiston!
Sehrini aytishga bormi hech imkon!
Yo‘q, o‘zga yurtlarda berolmasman jon,
Meni olib keting o‘z diyorimga.

Erk haqqi — Abdulla Oripov sheri

Erk haqqi Abdulla Oripov sheri

Qadimiy bobo yurtim,
Qutlug‘ bo‘lsin yaloving,
O’ylay-o‘ylay tashlagan,
Qadam muborak bo‘lsin.

Tag‘in gurillab yongay,
O’chmagan qalb oloving,
Erk haqqiga ichilgan,
Qasam muborak bo‘lsin.

Kimsaga yomonlikni,
Ko‘rmagansan hech ravo,
Lekin shum qutqulardan
Chiqmadi sho‘rlik boshing,

Endi seni qo‘llasin,
Zafar o‘zi doimo,
Safaring bexataru,
Xizr bo‘lsin yo‘ldoshing.