YIG’LADIM…
Yurakning bir bandi uzilgan kecha,
Asrlar singari cho’zilgan kecha,
Chimildiq ichida sening o’rningga,
O’zga bir kelinchak yig’lagan kecha,
Yig’ladim.
(Qo’shiqdan.)
Umidlar sarobga aylangan kecha,
Qayg’uga bir o’zim cho’milgan kecha,
Yonimda baxtlarga ko’milib turgan,
O’zga sanam uchun yorman shu kecha,
Yig’ladim.
Shod kunlarim so’nggi guvohi kecha,
Sevgimni qabrga qo’ydim bu kecha,
Do’stlar baxt tilaydi,kulib jilmayib,
Yuzda soxta kulgu,qon bo’lgan kecha.
Yig’ladim.
Soy bo’ylari sevgidan kuylagan kecha,
Majnuntolning qaddi dol bo’lgan kecha,
Sanamlar pichirlab,jilmayib qo’yib,
Sening yuragingni kuydurgan kecha.
Yig’ladim.
Yig’ladim,quchib yor,sen deb o’zimcha,
Zardoblar to’ldi bag’rim tonggacha,
Umrning eng shirin damlaring eslab,
Sening yoding ila o’tmoqda kecha.
Yig’ladim.
Jimgina
Yig’ladim…
IRODAXON QOSIMOVA