Yoshlar madhiyasi

Yoshlar madhiyasi

Yoshlar madhiyasi

Yoshlar madhiyasi

Yoshmiz, dilimizda ezgu ahd boʻlgay,

Har yurakda shiddat boʻlgay, shahd boʻlgay!

Yurtboshimiz koʻrsatgan yorugʻ yoʻlda,

Manzilgacha yoʻldoshimiz baxt boʻlgay!

 

Vatan bizdan kutmoqda buyuk ishlar,

Bu ishonchdan joʻshar ishtiyoqimiz!

Bunda jamdir Barchinoy, Alpomishlar,

Koʻksi baland “Yoshlar ittifoqi”miz!

 

Har koʻngilni chaman etmoq uchun ham,

Gullashaylik, Oʻzbekiston yoshlari!

Buyuk kelajakka yetmoq uchun ham,

Birlashaylik, Oʻzbekiston yoshlari!

 

Toʻqqiz yoshda Qurʼonni yod bilgan kim?

Eng ulugʻ muhaddis – Buxoriy bobo!

Yetti yoshida “Mantiq ut-tayr”ni,

Yod olgan kim? Bizning Navoiy bobo!

 

Bolalikdan asov otni egarlab,

Doim zafar quchgan Temur bobomiz!

Oʻn ikki yoshida taxtni egallab,

Yurt boshqargan bizning Bobur bobomiz!

 

Ajdodlardek yorugʻ yuz boʻlmoq uchun,

Nurlashaylik, Oʻzbekiston yoshlari!

Dunyo koʻrib qoʻysin biz yoshlar kuchin,

Birlashaylik, Oʻzbekiston yoshlari!

 

Bu kun jahon maydonida koʻp yoshlar,

Boʻlmoqdalar ajdodlarga munosib!

Ular yurtni marralar sari boshlar,

Beruniylar bosgan izlarni bosib!

 

Yurt bayrogʻin Kubroday mahkam tutib,

Yuksaklarga qadar uchgan yoshlarmiz!

Boradirmiz, turmaymiz baxtni kutib,

Har jabhada zafar quchgan yoshlarmiz!

 

Dunyo bilan barcha tilda birma-bir,

Tillashaylik, Oʻzbekiston yoshlari!

Vatan qadrin birdamlik koʻtargaydir,

Birlashaylik, Oʻzbekiston yoshlari!

 

Botirjon Ergashev